QO‘LLANMA · 4 DAQIQA O‘QISH
Sun’iy intellekt bilan sayt yaratish: 5 qadamda tayyor lending
Kod yozmasdan, AI agent yordamida bir sahifali sayt (lending) yaratib, uni internetga chiqarish: agentni tanlash, loyiha qoidalari, sahifa tuzilmasi, to‘g‘ri prompt va deploy.

Lending nima va nega undan boshlash kerak
Lending (inglizcha *landing page*) — bitta mahsulot yoki xizmatga bag‘ishlangan, bitta maqsadli sahifa: odam o‘qiydi va bitta harakat qiladi — yozadi, qo‘ng‘iroq qiladi yoki buyurtma beradi. Bu AI bilan birinchi loyiha uchun ideal: natija darhol ko‘zga ko‘rinadi va tekshirish soniyalar oladi.
1-qadam: agentni tanlang va o‘rnating
Saytni chat-botda emas, AI agentda yasang: agent fayllarni o‘zi yaratadi, sahifani brauzerda ochib tekshiradi va xatoni o‘zi tuzatadi. Ikki asosiy variant — Claude Code (Claude Pro, oyiga $20 dan) va Codex (ChatGPT Plus, oyiga $20 dan). Sizda qaysi obuna bor bo‘lsa, o‘shandan boshlang.
2-qadam: loyiha qoidalarini yozdiring
Bo‘sh papka yarating, unda agentni oching va avval qoidalar faylini yarattiring (Claude Code’da CLAUDE.md, Codex’da AGENTS.md). Lending uchun foydali qoidalar:
— men bilan o‘zbek tilida gaplash, men dasturchi emasman;
— oddiy HTML, CSS va ozgina JavaScript; framework (React, Next.js) kerak emas;
— sahifa telefonda ham chiroyli ko‘rinsin;
— rasm bo‘lmasa, joy egallovchi kulrang blok qo‘y.
Nega framework kerak emas? U katta ilovalar uchun foydali, lekin loyihani murakkablashtiradi. Bir sahifali lending uchun oddiy HTML yetarli — agent baribir framework taklif qilsa, «nega kerak?» deb so‘rang.
3-qadam: sahifa tuzilmasini rejalang
Odatiy lending yuqoridan pastga: — Birinchi ekran — 3 soniyada tushuntirish: nima, kimga, nega siz. Sarlavha, qisqa jumla va asosiy tugma. — Foyda — mijoz nima oladi: 3–4 sabab. — Mahsulot va narxlar — aniq narx yoki «…dan boshlab». — Ishonch — fikrlar, raqamlar, ish namunalari. — Savollar — ko‘p beriladigan 4–6 savol. — Aloqa — Telegram tugmasi, telefon, manzil.
O‘zbekistonda mijozlar ko‘pincha Telegram orqali yozadi, shuning uchun asosiy tugma — «Telegram’da yozish» (https://t.me/username havolasi).
4-qadam: aniq prompt yozing
Yaxshi prompt to‘rt qismdan iborat: maqsad (nima kerak), kontekst (biznes haqida ma’lumot), cheklovlar (nima qilmaslik kerak) va tayyorlik mezoni (qachon «tayyor» deyiladi). Masalan:
MAQSAD: «Shirin Tortlar» uyda tort pishiradigan biznes uchun bir sahifali lending. KONTEKST: buyurtma Telegram orqali, Toshkent bo‘ylab yetkazib berish, narxlar 150 000 so‘mdan. CHEKLOVLAR: bitta index.html, framework yo‘q, internetdan begona rasm yuklama. TAYYOR, AGAR: barcha bo‘limlar bor, «Telegram’da yozish» tugmasi ishlaydi, telefonda ham to‘g‘ri ko‘rinadi. Avval reja ber.
Natijani brauzerda oching. O‘zgartirish kerak bo‘lsa, kichik qadamlar bilan so‘rang: «sarlavhani kattaroq qil», «narxlar bo‘limini kartochkalarga aylantir». Bitta suhbat — bitta vazifa.
Telefonda tekshiring. Chrome’da sahifani oching, F12 (Mac’da Command+Option+I), keyin Ctrl+Shift+M (Mac’da Command+Shift+M) — telefon ko‘rinishi ochiladi.
Rasmlar — faqat huquqingiz bor rasmlar: mahsulot, jamoa, ish joyi. Internetdan topilgan rasmni ruxsatsiz ishlatmang. Har bir rasm 300 KB dan katta bo‘lmagani yaxshi — agentdan kichraytirishni so‘rash mumkin.
Google va Telegram uchun agentdan title, description va Open Graph teglarini qo‘shishni so‘rang: shunda saytingiz qidiruvda to‘g‘ri tavsif bilan chiqadi, Telegram’da esa havola rasmli kartochka bo‘lib ko‘rinadi.
5-qadam: saytni internetga chiqaring
Fayllar kompyuteringizda tursa, saytni faqat siz ko‘rasiz. Internetga chiqarish (deploy) uchun ikki yo‘l bor:
— agent saytni Vercel CLI orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqaradi — siz faqat bir marta npx vercel login bilan kirasiz, keyin agentdan «saytni internetga chiqar» deb so‘raysiz;
— loyiha GitHub’ga yuklanadi va Vercel’ga ulanadi — shunda har bir yangilanish avtomatik saytga chiqadi.
Vercel tariflari haqida muhim shart: Hobby bepul, lekin hujjatga ko‘ra faqat shaxsiy, notijorat foydalanish uchun. Pul ishlaydigan biznes sayti uchun Pro kerak — oyiga $20. Biznes sayti uchun bepul variant kerak bo‘lsa — Cloudflare. Buni oldindan biling.
O‘z domeningiz uchun: .uz domenni O‘zbekiston domen zonasi administratori (cctld.uz) ro‘yxatidagi rasmiy registratorlardan sotib olasiz, Vercel’da loyiha → Settings → Domains’ga qo‘shasiz va registrator saytida DNS yozuvlarini sozlaysiz. DNS qiymatlarini internetdan emas, o‘z loyihangizning Domains sahifasidan nusxa oling. HTTPS sertifikatini Vercel avtomatik beradi.
Qayerdan boshlash
Agentni o‘rnatishdan saytni internetga chiqarishgacha bo‘lgan butun yo‘l bepul «Birinchi saytingiz» mini-kursida videolar va tayyor promptlar bilan ko‘rsatilgan. GitHub, Telegram-bot, baza va murakkabroq loyihalar — Vaybkoding kursida.


