QO‘LLANMA · 4 DAQIQA O‘QISH

Claude Code’ni o‘rnatish: Windows va Mac uchun qadamma-qadam qo‘llanma

Claude Code — Anthropic’ning terminalda ishlaydigan AI agenti. Bu qo‘llanmada: qaysi obuna kerak, tizim talablari, rasmiy o‘rnatish buyrug‘i, birinchi kirish va eng ko‘p uchraydigan xatolarning yechimi.

Qaysi obuna kerak

Claude Code rasmiy hujjatiga ko‘ra, unga Pro, Max, Team, Enterprise yoki Console akkaunti kerak. Bepul Claude tarifida Claude Code ishlamaydi.

— Pro — oyiga $20 (yillik to‘lovda oyiga $17). Boshlash uchun yetarli. — Max — oyiga $100 dan. Har kuni ko‘p soat ishlaydiganlar uchun. — Console — oldindan to‘langan kredit. Yangi boshlovchiga tavsiya etilmaydi: xarajatni nazorat qilish qiyinroq.

Claude Code obunaning umumiy limitidan foydalanadi: claude.ai’dagi suhbatlar va Claude Code bitta limitni bo‘lishadi. Narxlar 2026-yil oktyabr holatiga ko‘ra. Anthropic xizmatlari O‘zbekistonda rasman ishlaydi — kompaniyaning qo‘llab-quvvatlanadigan davlatlar ro‘yxatida bor.

Tizim talablari

— Windows 10 (1809 versiyadan yangi) yoki 11; macOS 13 yoki yangi. — Kamida 4 GB operativ xotira. — Internet. — Node.js yoki Git oldindan o‘rnatilgan bo‘lishi shart emas: Claude Code o‘z o‘rnatuvchisi bilan keladi.

1-qadam: obuna va terminal

Brauzerda claude.ai’ni oching, akkauntingizga kiring va Pro tarifini oling. Keyin terminalni oching: — Windows: Windows tugmasi → PowerShell deb yozing → Enter. Nomida «(x86)» bor variantni tanlamang. — Mac: Command+Space → Terminal → Enter.

2-qadam: rasmiy o‘rnatish buyrug‘i

Buyruqni nusxa oling, terminalga joylang va Enter bosing. — Windows (PowerShell): irm https://claude.ai/install.ps1 | iex — Mac: curl -fsSL https://claude.ai/install.sh | bash

Oxirida Claude Code successfully installed! yozuvi chiqadi. Bu usulda Claude Code fonda o‘zi yangilanib turadi va administrator huquqi kerak emas.

Xavfsizlik qoidasi: terminalga faqat rasmiy manbadan olingan buyruqlarni joylang. Yuqoridagi buyruqlar Claude Code rasmiy hujjatidan (code.claude.com) olingan. Boshqa saytlardagi «tezroq o‘rnatish» buyruqlarini ishlatmang.

3-qadam: o‘rnatishni tekshirish

Terminalni yoping va yangisini oching — yangi dastur faqat yangi oynada ko‘rinadi. Keyin yozing: claude --version. Ekranda versiya raqami va (Claude Code) yozuvi chiqsa — hammasi joyida.

4-qadam: birinchi ishga tushirish va kirish

Claude Code’ni har doim loyiha papkasida ishga tushiring, masalan: cd ~/loyihalar/birinchi-sayt, keyin claude.

Birinchi ishga tushishda bir-ikkita sozlash savoli chiqadi (masalan, rang mavzusi): strelkalar bilan tanlab, Enter bosing. Kirish usuli so‘ralsa — obunali Claude akkauntini tanlang, Console’ni emas. Brauzer o‘zi ochiladi: akkauntingiz bilan kiring va ruxsat bering. Terminalda Login successful chiqadi.

— Brauzer o‘zi ochilmasa: terminalda c harfini bosing — kirish havolasi nusxalanadi, uni brauzerga joylang. — Brauzer kod ko‘rsatsa: uni terminaldagi Paste code here if prompted maydoniga joylang. — Claude Code papkadagi fayllarga ishonasizmi deb so‘rasa: bu sizning papkangiz bo‘lsa, tasdiqlang.

5-qadam: holatni tekshirish

Xabar maydoniga /status deb yozing — versiya, model va akkauntingiz ko‘rinadi. Esc bilan yoping. Chiqish uchun /exit. Keyingi safar claude yozganingizda qayta kirish so‘ralmaydi.

Birinchi topshiriq sifatida shuni yozib ko‘ring: «Men Claude Code’ni birinchi marta ishlatyapman va dasturlashni bilmayman. Sen nimalar qila olasan? 5 ta oddiy misol bilan, o‘zbek tilida tushuntir. Hech qanday fayl yaratma.»

Ko‘p uchraydigan xatolar va yechimlar

Windows: `'irm' is not recognized` — siz CMD’dasiz. PowerShell’ni oching va buyruqni qayta joylang.

Windows: `'claude' is not recognized` — o‘rnatish papkasi PATH’da yo‘q. Rasmiy hujjatdagi yechim — PowerShell’da ikki qatorni bajaring: $currentPath = [Environment]::GetEnvironmentVariable('PATH', 'User') [Environment]::SetEnvironmentVariable('PATH', "$currentPath;$env:USERPROFILE\.local\bin", 'User') Keyin PowerShell’ni yopib, yangisini oching.

Mac: `command not found: claude` — xuddi shu PATH muammosi. Bajaring: echo 'export PATH="$HOME/.local/bin:$PATH"' >> ~/.zshrc, keyin source ~/.zshrc va yangi terminal oching.

`Claude Code does not support 32-bit Windows` — «Windows PowerShell (x86)» ochilgan. Nomida «(x86)» yo‘q variantni oching.

Windows: `Could not create SSL/TLS secure channel` — eski Windows 10 da uchraydi. Avval [Net.ServicePointManager]::SecurityProtocol = [Net.SecurityProtocolType]::Tls12 ni bajaring, keyin o‘rnatish buyrug‘ini qayta joylang.

Kirishda «obuna yo‘q» xabari — bepul tarifdasiz. claude.ai’da Pro tarifini oling va Claude Code ichida /login bilan qayta kiring. Boshqa akkaunt bilan kirib qolgan bo‘lsangiz — /logout, keyin /login.

O‘rnatgandan keyin

Endi agent o‘zi ishlay oladi: Node.js, Git va VS Code’ni qo‘lda o‘rnatish o‘rniga, Claude Code’dan ularni o‘rnatib berishni so‘rash mumkin — siz faqat ruxsat so‘rovlarini tasdiqlaysiz. Agent bilan to‘g‘ri ishlash, loyiha qoidalari (CLAUDE.md) va ruxsat rejimlari — Vaybkoding kursining 2–3-modullarida.

KEYINGI QADAM

Bilimni amaliyotga aylantiring

Maqolada — g‘oya. Kursda esa video, tayyor promptlar va qadamma-qadam topshiriqlar bilan o‘zingiz qurasiz.