TAYYOR PROMPT
Loyihaning huquqiy auditi — O‘zbekiston
O‘zbekiston qonunlari bo‘yicha loyiha auditi: faoliyat maqomi, shaxsga doir ma’lumotlar, oferta, to‘lov, reklama va kontent huquqlari.

Loyihamni O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bo‘yicha tekshir va huquqiy xavflarni kamaytirish rejasini tuz. Loyiha: {loyiha tavsifi yoki repo} Format: {sayt / Telegram Mini App / mobil ilova / boshqa} Mahsulot va daromad modeli: {kurs / xizmat / obuna / boshqa} Sotuvchining maqomi: {o‘zini o‘zi band qilgan shaxs / YTT / yuridik shaxs / noma’lum} Auditoriya va davlatlar: {kimlar foydalanadi; voyaga yetmaganlar bormi} To‘lovlar va tashqi xizmatlar: {usullar; hosting, baza, analitika, AI xizmatlari} Tekshiruvni o‘tkazayotgan sanangni yoz. Lex.uz orqali shu sanada kuchga kirgan tahrirlarni tekshir; kelajakda kuchga kiradigan o‘zgarishlarni amaldagi talab deb ko‘rsatma. Har bir huquqiy xulosaga qonun nomi, modda yoki band, rasmiy havola va tahrir sanasini qo‘sh. Majburiy talabni yaxshi amaliyotdan, platforma shartlarini davlat qonunidan ajrat. Auditni O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi bo‘yicha olib bor. Boshqa davlatlarning talablarini O‘zbekiston talabi sifatida qo‘llama. Koddagi holatni fayl va qator bilan, hujjatdagi holatni bo‘lim yoki havola bilan tasdiqla. Hosting hududi, ro‘yxatdan o‘tish, soliq, litsenziya va shartnoma mavjudligini koddan taxmin qilma: tasdiqlovchi ma’lumot bo‘lmasa, «tekshirib bo‘lmadi» deb yoz. Rasmiy manbaga kira olmasang, tekshirilmagan modda, jarima, muddat yoki talabni o‘zingdan to‘qima. Maxfiy kalitlar va haqiqiy foydalanuvchi ma’lumotlarini hisobotga kiritma. Bu huquqiy xavflarni aniqlash va yurist ko‘rib chiqishi uchun ishchi tekshiruv; to‘liq qonuniylik kafolati yoki yuridik xulosa emas. Noma’lum faktlar uchun savol ber, javob bo‘lmasa, xulosani shartli deb belgilab, mustaqil tekshirish mumkin bo‘lgan qismlarni davom ettir. Quyidagi yo‘nalishlarni ketma-ket tekshir: 1. Faoliyat maqomi. Amalda nima sotilayotganini aniqlab, tanlangan maqom uchun faoliyat turi ruxsat etilganmi, tekshiruv sanasidagi ro‘yxatga mosmi, ro‘yxatdan o‘tish, litsenziya yoki xabardor qilish talabi bormi — rasmiy manba bilan asosla. Oddiy axborot kursini litsenziyalanadigan ta’lim faoliyati bilan avtomatik tenglashtirma; nomi emas, mazmuni va tashkil etilishiga qarab bahola. Soliq va fiskal chek masalalarini faoliyat hamda to‘lov usuliga bog‘lab, noma’lumini buxgalter uchun savol qilib ajrat. 2. Shaxsga doir ma’lumotlar. Forma, Telegram initData, baza, API, cookie, analitika, log va zaxira nusxalaridan yig‘iladigan maydonlarni xaritalashtir: maqsad, huquqiy asos, oluvchilar, saqlash muddati, o‘chirish tartibi. Rozilik talab etiladigan holatlarda uni olish, isbotlash va qaytarib olishni tekshir; barcha ishlovni faqat rozilikka bog‘lama, tegishli boshqa asoslarni ham tekshir. 3. Saqlash va uzatish. O‘RQ-547’ning 15, 20 va 27¹-moddalarini amaldagi tahrirda alohida tekshir. 2026-yilgi o‘zgarishlardan oldingi «barcha ma’lumotlar faqat O‘zbekistonda» qoidasini ko‘r-ko‘rona takrorlama. Ma’lumot toifalari, lokal saqlash va reyestr talabi, chet elda saqlashga asos hamda transchegaraviy uzatish shartlarini bir-biridan ajrat. Provayder sertifikati yoki foydalanuvchi roziligini barcha talablar bajarilganining avtomatik isboti deb olma. 4. Oferta va foydalanuvchi huquqlari. Sotuvchi va aloqa ma’lumotlari, mahsulot tavsifi, yakuniy narx, to‘lov, kirish berish vaqti, foydalanish muddati, texnik talablar, yordam, shikoyat, bekor qilish va pulni qaytarish tartibini tekshir. Qonunda berilgan huquqlarni bekor qiladigan shartlarni belgilab chiq. «Raqamli kurs uchun hech qachon pul qaytarilmaydi» degan umumiy bandni qonuniy deb qabul qilma. 5. To‘lov va dalillar. Haqiqiy to‘lov oqimini, buyurtma va to‘lov bog‘lanishini, chek yoki boshqa tasdiqning talabini, oferta qabul qilingan tahrir va vaqtni qayd etishni tekshir. Karta raqami orqali o‘tkazmani majburiyatlardan ozod qiluvchi usul deb ko‘rsatma. To‘lov provayderi yoki Telegram qoidalarini alohida bo‘limda bahola. 6. Reklama. Natija va daromad va’dalari, chegirma, soxta cheklangan taklif, sharhlar, reklama xabarlari, til va majburiy axborot talablarini tegishli amaldagi normalar bilan tekshir. Tizim bildirishnomasi bilan reklama xabarini ajrat. 7. Kontent va intellektual mulk. Matn, tarjima, prompt, video, musiqa, rasm, shrift, kod va logotiplarning manbasi, litsenziyasi, tijoriy foydalanish va qayta tarqatish huquqini tekshir. Tarjima qilish yoki AI orqali yaratish huquqlar masalasini avtomatik hal qiladi deb hisoblama. Yetishmaydigan ruxsatlarni sanab chiq. 8. Texnik himoya. Kirish nazorati, admin huquqlari, sirlarni saqlash, loglarda ma’lumot chiqib ketishi, zaxira va tiklash, o‘chirish so‘rovlarini bajarish hamda hodisaga javob berish jarayonini tekshir. Huquqiy majburiyat va tavsiya etilgan texnik chorani ajrat. Har bir bandga bittadan holat qo‘y: «tasdiqlandi», «nomuvofiqlik aniqlandi», «tatbiq etilmaydi — sababi» yoki «tekshirib bo‘lmadi — nima yetishmaydi». «Kodda topilmadi»ni avtomatik «qonun buzildi»ga aylantirma. Har bir muammo uchun: dalil → qo‘llanadigan norma → xavf va ehtimoliy oqibat → aniq tuzatish → kim bajaradi → bajarilganini qanday tekshirish. Tasdiqlangan buzilishlarni ehtimoliy xavflardan alohida ko‘rsat. Yakunida ber: — ishga tushirishdan oldin hal qilinadigan xavflar va qolgan ishlar jadvali; — hujjatlar uchun aniq matn loyihalari va texnik o‘zgarishlar rejasi; — yurist, buxgalter yoki loyiha egasidan aniqlanishi kerak bo‘lgan savollar; — ishlatilgan rasmiy manbalar va tekshiruv sanasi. Noma’lum rekvizitlarni {to‘ldiriladi} deb belgilagin. Tasdiqlanmagan biznes shartlari, rozilik matnlari va tashqi shartnomalarni o‘zingcha yakuniy deb e’lon qilma. Boshlang‘ich manbalar: «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi O‘RQ-547-son Qonun: https://lex.uz/ru/docs/4396428 2026-yil 26-martdagi O‘RQ-1125-son o‘zgartirish: https://lex.uz/ru/docs/8104580 «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi O‘RQ-792-son Qonun: https://www.lex.uz/ru/docs/6213428 «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi 221-I-son Qonun: https://www.lex.uz/acts/14643 Qolgan masalalar uchun Lex.uz, Soliq qo‘mitasi va tegishli vakolatli organlarning amaldagi rasmiy hujjatlarini top.
